«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

100-modda. Sud sanatsiyasi rejasi va qarzni to'lash jadvali

Sud sanatsiyasi rejasi qarzdorning rahbari, qarzdor muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi tomonidan tayyorlanadi. Sud sanatsiyasi rejasida qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklashga doir aniq chora-tadbirlar ko'rsatilgan bo'lishi kerak. Sud sanatsiyasi rejasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak: qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklash chora-tadbirlari, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish shartlari va tartibi, ularni amalga oshirish xarajatlari hamda qarzdorning boshqa xarajatlari; qarzni to'lash jadvali; sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditorning yoki ushbu rejani tasdiqlash uchun ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan kreditorning qarzdor tugatilgan taqdirda olishi mumkin bo'lgan kafolatli tovonning miqdori va to'lash muddati; qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklash davri. Sud sanatsiyasi rejasida qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklash yuzasidan ushbu Qonunning 125-moddasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar bo'lishi mumkin. Sud sanatsiyasi rejasini amalga oshirish muddati sudning sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish to'g'risidagi ajrimida nazarda tutilgan muddatdan oshishi mumkin emas. Sud sanatsiyasi rejasida qarzni to'lash jadvaliga muvofiq kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun zarur bo'lgan mablag'larni sud sanatsiyasi jarayonida qarzdor tomonidan olish usullari nazarda tutilishi kerak. Sud sanatsiyasi rejasi kreditorlarning yig'ilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash haqidagi masala ko'rib chiqilayotganda ovoz berishda birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari ishtirok etadi. Kreditorlar yig'ilishining sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash to'g'risidagi qarori, agar birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlarning ko'pchiligi uni yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Bunda ovoz berish huquqiga ega bo'lgan va sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditor hamda ushbu rejani tasdiqlash uchun ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan kreditor, qarzdor tugatilgan taqdirda eng kamida olishi mumkin bo'lgan kafolatli to'lovga teng tovon olish huquqiga ega. Agar birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlar sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash haqida qaror qabul qilmasa, shuningdek ovoz berish chog'ida guruhlardan biridagi kreditorlarning zarur miqdordagi ovozi to'planmasa, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish haqida qaror qabul qilinadi. Sud sanatsiyasi rejasida qarzdorning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish, ushbu Qonunning 130-moddasiga muvofiq qarzdorning qo'shimcha emissiyaviy aktsiyalarini chiqarish va joylashtirish, ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shimcha ulush kiritish hamda kreditorlarning talablarini aktsiyalarga ayirboshlash nazarda tutilishi mumkin. Sud sanatsiyasi rejasida qarzdorning korxonasi (biznesi) yoki qarzdor mol-mulkining bir qismi ushbu Qonunning 126 va 127-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sotilishi nazarda tutilishi mumkin. Sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditorlar o'z huquqlarini himoya qilish maqsadida ekspertlarni: sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditor hamda ushbu rejani tasdiqlash uchun ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan kreditor, qarzdor tugatilgan taqdirda, eng kamida olishi mumkin bo'lgan kafolatli to'lovga teng tovon olish huquqiga ega bo'lishini; sud sanatsiyasi rejasining muvaffaqiyatli bajarilish imkoniyati mavjudligini; kreditorlarning boshqa kreditorlarga nisbatan qarzdorning mol-mulki bilan ta'minlangan ustunlik huquqini tekshirish uchun jalb etishi mumkin. Agar qarzdor sud sanatsiyasi rejasi uchun mol-mulki to'g'risida noto'g'ri yoki chalg'ituvchi ma'lumotlarni taqdim etgan yoxud o'z faoliyatiga va (yoki) ishga taalluqli bo'lgan axborotni yashirgan bo'lsa, kreditorlar yig'ilishi sud sanatsiyasi rejasini bekor qilish va sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish hamda sudga tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida iltimosnoma kiritish to'g'risida qaror qabul qilishi mumkin. Sud kreditorlar yig'ilishining iltimosnomasi asosida sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish hamda tegishincha tashqi boshqaruvni joriy etish haqida ajrim chiqaradi yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qiladi. Qarzdorning boshqaruv organi va sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi sud sanatsiyasining tasdiqlangan rejasi amalga oshirilishi uchun mas'uldir. Kreditorlar yig'ilishi va (yoki) kreditorlar qo'mitasi sanatsiya rejasining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Kreditor sanatsiya qiluvchi boshqaruvchidan sud sanatsiyasi rejasining bajarilishi bilan bog'liq bo'lgan har qanday ma'lumotni so'rab olishga haqlidir. Sud sanatsiyasi rejasida qarzdorni qarzlardan to'liq yoki qisman ozod qilish yoxud ularni o'zgartirish nazarda tutilishi mumkin. Qarzdorni qarzlardan to'liq yoki qisman ozod qilish yoxud ularni o'zgartirish barcha kreditorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Agar biror-bir kreditor qarzdorning qarzlardan to'liq yoki qisman ozod etilishiga yoki ularning o'zgartirilishiga qarshi bo'lsa, qolgan kreditorlar unga talabni kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq sotib olish bo'yicha taklif berishga haqli. Qarzdorning qarzlardan to'liq yoki qisman ozod qilinishiga yoki ularning o'zgartirilishiga qarshi bo'lgan kreditor qolgan kreditorlar tomonidan taklif etilgan shartlarni qabul qilishi shart. Qarzni to'lash jadvali, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, barcha kreditorlar oldidagi qarzning to'lanishini nazarda tutishi kerak. Qarzni to'lash jadvali sud tomonidan tasdiqlanishi lozim. Qarzdorning sud sanatsiyasi tartib-taomili jarayonida yuzaga kelgan joriy to'lovlar bo'yicha kreditorlarning talablarini qanoatlantirish ushbu Qonunning 149, 150 va 185-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qarzdor qarzni to'lash jadvalini muddatidan ilgari bajarishga haqlidir.
lex.uz’dagi asl matn

Oddiy tilda

# Sud sanatsiyasi rejasi va qarzni to'lash jadvali Nimani anglatadi Sud sanatsiyasi rejasi - bu qarzdorning moliyaviy holatini yaxshilash uchun tayyorlangan hujjat. Unda qarzdor qanday tarzda qarzlarini to'lashi, qanday chora-tadbirlar ko'rilishi va qanday vaqtda bajarilishi ko'rsatiladi. Rejada kreditorlarga to'lov jadvali, zarur mablag'lar va to'lov qobiliyatini tiklash usullari yoziladi. Kimga tegishli Sud sanatsiyasi rejasini qarzdor rahbari, muassisasi yoki mol-mulk egasi tayyorlaydi va kreditorlar yig'ilishi tasdiqlaydi. Amalda Masalan, savdo kompaniyasi qarzga botsada, uning rahbari rejada yozadi: "Biznesi qayta tiklash uchun 6 oyda 500 million so'm to'lash, ishchilar sonini kamaytirish va yangi buyurtmalar olish orqali daromad oshirish." Kreditorlar bu rejani ko'rib, roziligi bo'lsa tasdiqlaydi.

Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.