Sudning tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish to'g'risidagi ajrimi qarzdor to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni to'xtatish yoki ularni bajarishni rad etish uchun asos bo'la olmaydi. Qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar tuzilgan, qarzdorning faoliyatini davom ettirish uchun muhim bo'lgan shartnomalarning bajarilishi tashqi boshqaruvchi tomonidan davom ettiriladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda qarzdor tuzgan shartnomalarni qarzdorga nisbatan tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilganligi munosabati bilan bajarishni to'xtatish yoki ularni bajarishni rad etish bo'yicha taraflarning kelishuvlari haqiqiy emas deb hisoblanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashqi boshqaruvchi to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar qarzdor tuzgan shartnomalarni bajarishni faqat to'liq yoki qisman bajarilmagan shartnomalarga nisbatan, quyidagi holatlardan biri mavjud bo'lgan taqdirda rad etishga haqli:
shartnomalarni bajarish qarzdor uchun zarar keltirsa va (yoki) qiyosiy holatlarda tuziladigan xuddi shunday shartnomalarga nisbatan qarzdorning, kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzsa;
shartnoma uzoq muddatli (bir yildan ortiq muddatga tuzilgan) bo'lsa yoki faqat uzoq istiqbolda qarzdor uchun ijobiy natijalar olishga mo'ljallangan bo'lsa;
shartnomada bir kreditorning talablarini boshqa kreditorlar talablariga nisbatan afzalroq tarzda qanoatlantirish nazarda tutilgan bo'lsa;
qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklashga monelik qiluvchi boshqa holatlar mavjud bo'lsa.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda shartnoma barcha taraflar tomonidan shunday shartnoma yuzasidan tashqi boshqaruvchining shartnomani bajarishni rad etishi to'g'risidagi arizasi olingan paytdan e'tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Shartnomani tuzgan taraflardan biri, agar unga nisbatan qarzdor rad qilishni bildirgan bo'lsa, qarzdordan shartnomani bajarishni rad etganlik oqibatida kelib chiqqan haqiqiy zararning o'rnini qoplashni talab qilishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
119-modda. Qarzdorning shartnomalarini bajarishni rad etish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.