To'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo'llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi himoya qiladi. Sud qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi arizani ish yuritishga qabul qilib olgan kundan e'tiboran kreditorlar qarzdorga o'z talablarini yakka tartibda qanoatlantirish maqsadida murojaat qilishga haqli emas.
Qarzdorga nisbatan bajariladigan barcha harakatlar kreditorlar nomidan kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar yig'ilishida yoki kreditorlar qo'mitasida qarzdor xodimlarining vakili, sud boshqaruvchisi, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etadi.
To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda yagona kreditor ishtirok etgan hollarda kreditorlar yig'ilishining mutlaq vakolatlariga taalluqli qarorlarni qabul qilishni shu kreditorning o'zi amalga oshiradi.
Kreditorlar yig'ilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga quyidagi qarorlarni qabul qilish kiradi:
kelishuv bitimi tuzish to'g'risidagi qaror;
kreditorlar qo'mitasi a'zolarini saylash, qo'mitaning miqdoriy tarkibini belgilash va a'zolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to'g'risidagi qaror;
sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish va ularning muddatini uzaytirish yoki muddatidan ilgari tugatish to'g'risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini boshlash yoki qarzdorning faoliyatini to'xtatmasdan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini boshlash haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish to'g'risidagi qaror;
sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash hamda qarzlarni to'lash jadvalini ma'qullash haqidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash to'g'risidagi qaror.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar jismoniy shaxslarning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risidagi ishlar ko'rib chiqilayotganda qo'llanilmaydi.
Ushbu modda beshinchi qismining to'rtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan, kreditorlar yig'ilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiritilgan qarorlar, ushbu Qonun 86-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan qarzdorning moliyaviy holati to'g'risidagi muvaqqat boshqaruvchining xulosasi asosida qabul qilinishi mumkin.
Agar kreditorlar yig'ilishida qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qilingan bo'lsa, sud muvaqqat boshqaruvchining qarzdorning faoliyatini tiklash uchun imkoniyat mavjudligi to'g'risidagi xulosasini inobatga olgan holda, qarzdorga nisbatan uning to'lov qobiliyatini tiklash tartib-taomillaridan birini joriy etishga haqli.
Kreditorlar yig'ilishini tashkil etish va o'tkazish sud boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar yig'ilishi, basharti unda qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha majburiyatlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talablar bildirayotgan, ovoz berish huquqiga ega bo'lgan kreditorlar hozir bo'lsa, vakolatli hisoblanadi. Kreditorlar yig'ilishda o'z vakillari orqali ham ishtirok etishi mumkin. Kvorum mavjud bo'lmagan taqdirda, o'n kunlik muddatda kreditorlarning takroriy yig'ilishi chaqiriladi, basharti yig'ilishni o'tkazish sanasi, vaqti va joyi to'g'risida kreditorlar lozim darajada xabardor etilgan bo'lsa, takroriy yig'ilish hozir bo'lgan kreditorlarning sonidan qat'i nazar, vakolatli hisoblanadi.
Kreditor o'z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan sud qarori, kreditorlar yig'ilishining qarori, sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi), shuningdek to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomilini amalga oshirish davrida sud boshqaruvchisi uning talablarini qanoatlantirishni rad etganligi ustidan shikoyat berishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
12-modda. Kreditorlar va kreditorlarning yig'ilishi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.