«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

140-modda. Tugatishga doir ish yuritishni boshlash

(140-модданинг бешинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 30 декабрдаги ЎРҚ-1109-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 30.12.2025 й., 03/25/1109/1241-сон)

Sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish to'g'risida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga sabab bo'ladi. Tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili muddati o'n ikki oydan oshishi mumkin emas. Zarurat bo'lganda bu muddat to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko'ra yoki sudning tashabbusi bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili muddatini uzaytirish uchun quyidagilar asos bo'lishi mumkin: sud ishini va ijro ishini yuritishda qarzdorning yoki uning kreditorlarining mulkiy manfaatiga daxl qiluvchi ishning mavjudligi; qarzdorning realizatsiya qilinmagan mol-mulki mavjudligi, bundan ushbu Qonunning 57-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno; soxta to'lovga qobiliyatsizlik, to'lovga qobiliyatsizlikni yashirish va qasddan to'lovga qobiliyatsizlikka olib kelish, qarzdorning mansabdor shaxslari tomonidan qarzdor yuridik shaxsning va uning kreditorlari manfaatlariga qarshi boshqa huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar sodir etilganligi alomatlari bo'yicha jinoyat ishining mavjudligi; qonunchilikning tugatish boshqaruvchisining tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini o'tkazish natijalari to'g'risidagi hisobotini tasdiqlash rad etilganligi haqidagi sud ajrimida ko'rsatilgan buzilishlarini bartaraf etish zarur bo'lganda; qonunchilikning vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish zarur bo'lganda. Sudning tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili muddatini uzaytirish to'g'risidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi qarorida qarzdor yuridik shaxs faoliyatining o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, kreditorlar yig'ilishining, tugatish boshqaruvchisining va (yoki) tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xo'jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining iltimosnomasiga ko'ra tugatishga doir ish yuritish qarzdorning faoliyatini to'xtatmasdan amalga oshirilishini ko'rsatishi mumkin. Bunda qarzdorning to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish qo'zg'atilguniga qadar tuzilgan va faoliyatini davom ettirish uchun zarur bo'lgan shartnomalarini bajarishni to'xtatishga yoki ularni bajarishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Tugatish boshqaruvchisi tomonidan qarzdorning faoliyatini davom ettirish uchun muhim deb topilgan va qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish bo'yicha ish yurituv qo'zg'atilguniga qadar tuzilgan shartnomalarning bajarilishi davom ettiriladi. Bunda taraflarning shartnomalarni bajarishni to'xtatish yoki ularni bajarishni rad etish to'g'risidagi kelishuvlari qarzdor bankrot deb topilganligi va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili boshlanganligi munosabati bilan haqiqiy emas deb hisoblanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor tomonidan alohida kreditor yoki boshqa shaxs bilan tuzilgan bitim, agar bunday bitim bir kreditorning boshqa kreditor oldidagi pul majburiyatlari bo'yicha talablarini afzalroq tarzda qanoatlantirishga olib kelsa, tugatish boshqaruvchisining yoki kreditorning arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Qarzdorning faoliyatini to'xtatmasdan turib, uni tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish, agar ikki hisobot choragi yakunlariga ko'ra faoliyatdan ketma-ket zarar ko'rilgan bo'lsa, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas deb topiladi. Qarzdorning faoliyatini to'xtatmasdan turib, uni tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, sud qarzdorning faoliyatini to'xtatmasdan turib, uni tugatishga doir ish yuritishni bekor qilishi va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilining umumiy tartibiga o'tish to'g'risida ajrim chiqarishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.