Tugatish boshqaruvchisi tayinlangan kundan e'tiboran unga qarzdorning ishlarini boshqarish hamda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etish bo'yicha barcha vakolatlar o'tadi.
Tugatish boshqaruvchisi quyidagilarga haqli:
qarzdorning mol-mulkini ushbu Qonunning 118-moddasiga muvofiq tasarruf etishga;
xodimlar bilan, shu jumladan qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini tugatishga;
qarzdorning shartnomalarini bajarishni ushbu Qonunning 119-moddasida belgilangan tartibda rad etishga;
tugatishga doir ish yuritish bilan bog'liq bo'lgan joriy xarajatlarni moliyalashtirish uchun kreditorlarning yig'ilishi bilan kelishuvga muvofiq kreditlar olishga;
qarzdor tomonidan tuzilgan bitimlarni, agar qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo'lsa, haqiqiy emas deb topish to'g'risida da'volar taqdim etishga;
davlat xizmatlaridan, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali ko'rsatiladigan xizmatlardan oldindan to'lovlarni amalga oshirmasdan foydalanishga;
oldindan to'lovlarni amalga oshirmasdan qarzdorlarning ko'chmas mulkiga oid kadastr hujjatlarini tayyorlashni, qayta tayyorlashni va davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshirishga;
qarzdor korxonaning moliya-xo'jalik faoliyati bilan bog'liq bo'lgan, davlat soliq xizmati organlari uchun ochiq bo'lgan hisobotlardan, tekshirish dalolatnomalaridan va ishi bilan bog'liq boshqa materiallardan foydalanishga;
qarzdorni to'lovga qobiliyatsizlik holatiga olib kelganligi munosabati bilan uning pul majburiyatlari va (yoki) soliqlari hamda yig'imlari yuzasidan subsidiar javobgar bo'ladigan shaxslarga nisbatan talablar qo'yishga. Mazkur talablarning miqdori kreditorlar talablarining summasi bilan tugatish massasi o'rtasidagi farqdan kelib chiqib aniqlanadi. Undirilgan summalar tugatish massasiga qo'shiladi va ulardan faqat kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun ushbu Qonunning 149, 150 va 185-moddalarida belgilangan tartibda foydalanilishi mumkin.
Tugatish boshqaruvchisi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
Tugatish boshqaruvchisi:
qarzdorning mol-mulkini o'z tasarrufiga qabul qilishi, uni inventarizatsiya qilishi va baholashdan o'tkazishni tashkil etishi, uning but saqlanishi choralarini ko'rishi;
qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil etishi;
kreditorlar yig'ilishini va kreditorlar qo'mitasini chaqirishi;
qarzdor oldidagi qarzlarni undirish choralarini ko'rishi;
qarzdor tugatilganda uning xodimlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi hamda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari kelgusida tugatilishi to'g'risida ularni xabardor etishi;
kreditorlarning talablari reyestrini yuritishi va ularning talablarini ko'rib chiqishi;
qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) o'z faoliyati haqidagi axborotni kreditorning talabiga ko'ra o'n kunlik muddatda taqdim etishi;
qarzdorning uchinchi shaxslarda turgan mol-mulkini qidirishga, aniqlashga va qaytarishga qaratilgan choralarni ko'rishi;
qarzdorning saqlanishi lozim bo'lgan hujjatlarini saqlashga topshirishi shart.
Tugatish boshqaruvchisining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
Qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi) tugatish boshqaruvchisi tayinlangan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida qarzdorning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhrlari va shtamplari (muhrlar va shtamplar mavjud bo'lgan taqdirda), moddiy va boshqa qimmatliklari tugatish boshqaruvchisiga topshirilishini ta'minlaydi. Mazkur majburiyatni bajarishdan bosh tortilgan taqdirda, qarzdorning boshqaruv organlari (tashqi boshqaruvchi), shu jumladan qarzdor yuridik shaxsning rahbari, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor qonunchilikka muvofiq javobgar bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
144-modda. Tugatish boshqaruvchisining huquqlari va majburiyatlari
(144-модда иккинчи қисмининг еттинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 16 январдаги ЎРҚ-896-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 16.01.2024 й., 03/24/896/0037-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.