«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

220-modda. Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotishning o'ziga xos xususiyatlari

Jismoniy shaxsning mol-mulki xatlovdan va baholashdan o'tkazilgan sanadan e'tiboran bir oy muddat ichida moliyaviy boshqaruvchi jismoniy shaxsning mol-mulkini sotishning tartibi va shartlarini mol-mulkni sotishning boshlang'ich narxini ko'rsatgan holda sudga taqdim etishi shart. Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartibi, shartlari va muddatlari sud tomonidan tasdiqlanadi hamda qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish ushbu Qonunning 126, 127 va 151-moddalarida belgilangan qoidalariga muvofiq bo'lishi kerak. Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartibi, shartlari va muddatlarini tasdiqlash haqida hamda mol-mulkning boshlang'ich sotish narxini belgilash to'g'risida sudning ajrimi chiqariladi. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. O'zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan mol-mulkka nisbatan sudning alohida ajrimi chiqariladi, uning ijrosi ushbu mol-mulk o'z hududida joylashgan davlatning protsessual qonunchiligi qoidalariga ko'ra yoki O'zbekiston Respublikasining ushbu mol-mulk o'z hududida joylashgan davlat bilan tuzilgan xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Jismoniy shaxsning tugatish massasiga kiritilgan mol-mulkini baholash moliyaviy boshqaruvchi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. O'tkazilgan baholash yuzasidan jismoniy shaxs, kreditorlar, jismoniy shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risidagi ishda vakolatli bo'lgan organ tomonidan nizolashilishi mumkin. Kreditorlar yig'ilishi qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulkini baholashni ushbu Qonunga muvofiq baholovchi tashkilotni jalb etgan va ushbu baholashni o'tkazishga doir xarajatlar uchun tegishli qaror qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan shaxslar hisobidan haq to'lagan holda o'tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Agar kreditorlar yig'ilishining qarorida yoki sudning ajrimida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, jismoniy shaxsning mol-mulki, ushbu mol-mulkning bir qismi mazkur Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotiladi. Garov narsasini sotish ushbu Qonunning 126-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Agar moliyaviy boshqaruvchi jismoniy shaxsga tegishli bo'lgan mol-mulkni va (yoki) uchinchi shaxslardan talab qilish huquqini belgilangan tartibda sota olmasa hamda kreditorlar ushbu mol-mulkni yoki talab qilish huquqini o'z talablarini qanoatlantirish uchun qabul qilishni rad etgan taqdirda, jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish ishlari yakunlangandan keyin uning ushbu mol-mulkni va (yoki) talab qilish huquqini tasarruf etish huquqi tiklanadi. Bu holda tugatish massasini tashkil etuvchi va moliyaviy boshqaruvchi tomonidan sotilmagan mol-mulk dalolatnoma bo'yicha jismoniy shaxsga topshiriladi. Moliyaviy boshqaruvchi jismoniy shaxsning mol-mulkini inventarizatsiya qilish, baholash va sotish haqida jismoniy shaxsni, kreditorlarni hamda tegishli vakolatli organni ularning talabiga ko'ra xabardor qilishi, shuningdek kreditorlar yig'ilishida hisobot taqdim etishi shart. Jismoniy shaxsning eri (xotini) (sobiq eri (xotini)) bilan umumiy mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulki jismoniy shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risidagi ishning ushbu moddada nazarda tutilgan umumiy qoidalari bo'yicha sotiladi. Bunday hollarda er (xotin) (sobiq er (xotin)) jismoniy shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi haqidagi ishda umumiy mol-mulkni sotish bilan bog'liq masalalarni hal etishda ishtirok etishga haqli. Tugatish massasiga er-xotinning (sobiq er-xotinning) umumiy mulkini sotishdan tushgan mablag'larning qarzdor jismoniy shaxsning bunday mol-mulkdagi ulushiga muvofiq bo'lgan qismi kiritiladi, ushbu mablag'larning qolgan qismi qarzdor jismoniy shaxsning eriga yoki xotiniga (sobiq eriga yoki xotiniga) to'lanadi. Bunda, agar erning yoki xotinning (sobiq erning yoki xotinning) umumiy majburiyatlari mavjud bo'lsa (shu jumladan solidar majburiyatlar mavjud bo'lganda yoxud er-xotinning biri boshqasi uchun kafillik yoki garov taqdim etganda), mablag'larning erga yoki xotinga (sobiq erga yoki xotinga) tegishli bo'lgan qismi erning yoki xotinning (sobiq erning yoki xotinning) majburiyati qanoatlantirilganidan keyin to'lanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.