«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

85-modda. Kuzatuv tartib-taomilini joriy etish haqida xabar qilish

Qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomili joriy etilganligi haqidagi xabarni muvaqqat boshqaruvchi o'zi tayinlangan paytdan e'tiboran uch kun ichida ommaviy axborot vositalarida ushbu Qonunning 53-moddasida nazarda tutilgan tartibda e'lon qilish uchun yuborishi shart. Muvaqqat boshqaruvchi ish haqi bo'yicha qarzni to'lash talabini qo'yadigan kreditorlardan tashqari qarzdorning aniqlangan barcha kreditorlarini qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomili joriy etilganligi to'g'risida sud ajrim chiqarganligi haqida kuzatuv tartib-taomili joriy etilganligiga oid xabar e'lon qilingan sanadan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay xabardor qilishi shart. Qarzdorning rahbari qarzdorning xodimlarini, muassislarini (ishtirokchilarini) yoki qarzdor mol-mulkining egasini qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomilini joriy etish haqidagi sud ajrimini olgan sanadan e'tiboran uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilishi shart. Ish haqi bo'yicha qarzni to'lash talabini qo'yadigan kreditorlardan tashqari kreditorlarga kuzatuv tartib-taomili joriy etilganligini xabar qilish kreditor tomonidan xabar olingan sanani belgilay olish imkoniyatini beradigan usulda xabar yuborish orqali amalga oshiriladi. Ish haqi bo'yicha qarzni to'lash talabnomalari yuzasidan kreditorlarni xabardor qilish qarzdor xodimlarining umumiy yig'ilishini chaqirish va o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Qarzdorning muassislarini (ishtirokchilarini) xabardor qilish muassislar (ishtirokchilar) umumiy yig'ilishini chaqirish yoki yuridik shaxsning qonunchilikka yoxud ta'sis hujjatlariga muvofiq muassislarning (ishtirokchilarning) umumiy yig'ilishini chaqirish huquqiga ega bo'lgan organiga qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomili joriy etish haqida xabar yuborish orqali amalga oshiriladi. Qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomilini joriy etish haqidagi xabarda quyidagilar ko'rsatilishi kerak: qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud bo'lgan taqdirda); qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomilini joriy etish to'g'risida ajrim chiqargan sudning nomi, bunday ajrim chiqarilgan sana va to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishning tartib raqami; tayinlangan muvaqqat boshqaruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va uning pochta manzili; sud tomonidan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni ko'rib chiqish yuzasidan belgilangan sud majlisining sanasi, vaqti va joyi; xabarni jo'natuvchining (muvaqqat boshqaruvchining yoki qarzdor rahbarining) xohishiga ko'ra boshqa axborot.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.