«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

154-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitoblar

Tugatish boshqaruvchisi kreditorlar bilan kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq hisob-kitob qiladi. Pul mablag'larini kreditorning hisobvarag'iga o'tkazish imkoniyati bo'lmasa, unga tegishli summa qarzdor joylashgan yerdagi (uning yashash joyidagi) notariusning yoki sudning depozit hisobvarag'iga tugatish boshqaruvchisi tomonidan o'tkazilib, bu haqda kreditorga xabar qilinadi. Mazkur summa notariusning yoki sudning depozit hisobvarag'iga o'tkazilgan paytdan e'tiboran uch yil ichida kreditor tomonidan olinmagan taqdirda, bu summa tegishli notarius yoki sud tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga o'tkaziladi. Kreditorlarning tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risidagi e'londa nazarda tutilgan kreditorlar talablarini taqdim etish muddati tugaganidan keyin bildirilgan talablari, shuningdek tugatishga doir ish yuritish boshlanganidan keyin yuzaga kelgan soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha talablar, ular qaysi muddatda taqdim etilganidan qat'i nazar, qarzdorning belgilangan muddatda bildirilgan kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin ushbu Qonunning 150-moddasida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi. Qanoatlantirilgan talablar, shuningdek qaysi talablar bo'yicha qarzdan voz kechish to'g'risida bitimga erishilgan bo'lsa, o'sha talablar yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan hisobga olinishi bildirilgan yoxud majburiyatlarni tugatishning boshqa asoslari bo'lgan talablar kreditorlarning qanoatlantirilgan talablari deb hisoblanadi. Talabni hisobga olish, shuningdek qarzdan voz kechish orqali talabni qanoatlantirishga faqat bildirilgan talablarni qanoatlantirishning navbati va nisbati printsipiga rioya etilgan taqdirda yo'l qo'yiladi. Qarzdan voz kechish haqida bitim imzolash yo'li bilan kreditorlar talablarini qanoatlantirishga mazkur bitim kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi bilan kelishilgan taqdirda yo'l qo'yiladi. Tugatishga doir ish yuritishda qarzdorning majburiyatlarini yangilash to'g'risida bitim tuzish yo'li bilan kreditorlar talablarini qanoatlantirishga yo'l qo'yilmaydi. Kreditorlarning qarzdor mol-mulki yetarli bo'lmaganligi sababli qanoatlantirilmagan talablari ham qanoatlantirilgan talablar deb hisoblanadi, bundan qarzdor majburiyatlari boshqa shaxslar tomonidan ta'minlangan holatlar mustasno. Tugatish boshqaruvchisi tomonidan kreditorlarning tan olinmagan talablari ham, agar kreditor sudga murojaat etmagan bo'lsa yoki bunday talablar sud tomonidan asossiz deb topilgan bo'lsa, qanoatlantirilgan talablar deb hisoblanadi. Tugatish boshqaruvchisi kreditorlarning talablari reyestriga kreditorlar talablari qanoatlantirilganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni kiritadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.