«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

155-modda. Tugatish boshqaruvchisining faoliyatini nazorat qilish

Tugatish boshqaruvchisi har oyda kamida bir marta kreditorlar yig'ilishiga yoki kreditorlar qo'mitasiga o'z faoliyati to'g'risida hisobot, qarzdorning moliyaviy ahvoli hamda uning tugatishga doir ish yuritish boshlangan paytdagi va ish yuritish jarayonidagi mol-mulki haqida axborot, shuningdek boshqa axborot taqdim etadi. Tugatish boshqaruvchisining hisobotida quyidagilar bo'lishi kerak: shakllantirilgan tugatish massasi to'g'risidagi, shu jumladan qarzdorning mol-mulkini inventarizatsiya qilish jarayoni va yakunlari haqidagi, qarzdorning mol-mulkini baholash jarayoni hamda natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar; qarzdorning yagona hisobvarag'iga tushgan va ishlatilgan pul mablag'larining summasi hamda tushumlarning manbalari haqidagi ma'lumotlar; qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilish jarayoni to'g'risidagi ma'lumotlar, mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan summalar ko'rsatilgan holda; uchinchi shaxslarga nisbatan qarzni undirish haqida tugatish boshqaruvchisi tomonidan qo'yilgan talablar, shu jumladan sud tartibida qo'yilgan talablarning miqdori va summasi to'g'risidagi ma'lumotlar; qarzdorning mol-mulki but saqlanishini ta'minlash, shuningdek qarzdorning uchinchi shaxslar egaligida turgan mol-mulkini aniqlash va talab qilib olish chora-tadbirlari haqidagi ma'lumotlar; qarzdorning bitimlarini haqiqiy emas deb topish, shuningdek qarzdorning shartnomalarini bajarishdan bosh tortilishini bildirishga oid chora-tadbirlar to'g'risidagi ma'lumotlar; qarzdorning kreditorlarning talablari reyestrini yuritishga oid ishi haqidagi ma'lumotlar, kreditorlarning reyestrga kiritilgan talablarining umumiy miqdorini va har bir navbat bo'yicha talablari miqdorini alohida-alohida ko'rsatgan holda; qarzdorning tugatishga doir ish yuritish davrida o'z faoliyatini davom ettirayotgan xodimlarining hamda o'zi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari tugatishga doir ish yuritish davrida tugatilgan xodimlarning soni haqidagi ma'lumotlar; qarzdorning hisobvaraqlarini yopish bo'yicha tugatish boshqaruvchisi amalga oshirgan ishlar va ularning natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar; tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish xarajatlarining summasi haqidagi ma'lumotlar, ularning maqsadini ko'rsatgan holda. Tugatish boshqaruvchisining hisobotida qarzdorga nisbatan tugatishga doir ish yuritish jarayoni to'g'risidagi boshqa ma'lumotlar ham bo'lishi kerak, ularning tarkibi tugatish boshqaruvchisining o'zi tomonidan, shuningdek kreditorlar yig'ilishining yoki kreditorlar qo'mitasining yoxud sudning talablari bilan belgilanadi. Tugatish boshqaruvchisi sudning talabiga ko'ra ushbu sudga tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini amalga oshirishga taalluqli barcha ma'lumotlarni taqdim etishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.