Qarzdor va kreditorlar sud tomonidan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni ko'rib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimini tuzishga haqli.
Kreditorlar nomidan kelishuv bitimini tuzish haqidagi qaror kreditorlar yig'ilishi tomonidan qabul qilinadi. Kreditorlar yig'ilishining kelishuv bitimini tuzish to'g'risidagi qarori birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlarining ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi hamda qaror, basharti qarzdorning garov bilan ta'minlangan mol-mulki majburiyatlari bo'yicha barcha kreditorlar uni yoqlab ovoz bergan bo'lsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Kreditor vakilining kelishuv bitimini tuzish masalasi to'g'risida ovoz berishga doir vakolatlari uning ishonchnomasida alohida nazarda tutilgan bo'lishi kerak.
Kelishuv bitimi qarzdor nomidan tegishincha qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki qarzdorning rahbari, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi yoxud moliyaviy boshqaruvchi tomonidan tuziladi.
Kelishuv bitimida nazarda tutilgan huquqlar va majburiyatlarni o'z zimmasiga oladigan uchinchi shaxslarning kelishuv bitimida ishtirok etishiga yo'l qo'yiladi.
Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanishi lozim bo'lib, bu haqda ajrim chiqariladi, unda to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish yuritishni tugatish ko'rsatiladi. Agar kelishuv bitimi tugatishga doir ish yuritish jarayonida tuzilgan bo'lsa, sud kelishuv bitimini tasdiqlash haqida ajrim chiqaradi, unda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risidagi qaror bajarilmasligi ko'rsatiladi.
Kelishuv bitimi qarzdor, kreditorlar, shuningdek kelishuv bitimida ishtirok etayotgan uchinchi shaxslar uchun sud tomonidan tasdiqlangan kundan e'tiboran kuchga kiradi va ular uchun majburiydir. Kuchga kirgan kelishuv bitimini bajarishni bir tomonlama rad etishga yo'l qo'yilmaydi.
Kelishuv bitimi tuzishni yoqlab ovoz bergan kreditor, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan yoxud ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlar oldida qarzdorning pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha majburiyatini bajarishga haqli. Bu holda kreditor qarzdor uchun taklif etilgan ijroni qabul qilishi shart, qarzdorning majburiyatlarini bajargan shaxsga esa kreditorning majburiyat bo'yicha talab qilish huquqlari o'tadi.
Uchinchi shaxslar kelishuv bitimi bo'yicha qarzdor tomonidan pul majburiyatlari qanoatlantirilishi va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha majburiyati bajarilishi kafilligini yoki kafolatini berishga, xuddi shuningdek uning lozim darajada bajarilishini boshqacha tarzda ta'minlashga haqli. Agar kelishuv bitimining sharti qarzdorning mol-mulkini uchinchi shaxs foydasiga o'tkazishdan iborat bo'lsa, bitim faqat mazkur mol-mulk uchinchi shaxs tomonidan kreditorlarning talablari qanoatlantirilishini ta'minlovchi garovga berilishi sharti bilan tuzilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
161-modda. Kelishuv bitimini tuzish tartibi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.